Bugungi muammolarni yechish uchun xozirgi faktlar.

Dunyodagi har bir mamlakat, o’zining aholisi va uning yashash holati bo’yicha ishonchli ma’lumotga ega bo’lish maqsadida muntazam ravishda aholini ro’yxatga oladi. Ko’pchilik mamlakatlarda aholini ro’yxatga olish har besh yoki o’n yilda amalga oshiriladi. Hozir jahonning ko’plab rivojlangan davlatlarida aholi o’rtacha har o’n yilda kamida bir marta ro’yxatdan o’tkazilmoqda. Ushbu tadbir so’nggi bor 1989- yilda o’tkazilib, o’sha paytda respublikamiz aholisi 19,7 million kishini tashkil etgan. Amaldagi joriy hisobga ko’ra, 2020- yilning 1- yanvar` holatiga ko’ra respublikamiz doimiy aholisi soni 33 905,8 ming kishini tashkil etib, shundan shahar aholisi soni 17 118,4 ming kishini (jami aholi soniga nisbatan 50,5 %), qishloq aholisi soni 16 787,4 ming kishini (49,5 %) tashkil etadi. Jami aholimizning 50,2 % ni erkaklar (17 036,1 ming kishi), 49,8 % ni ayollar (16 869,7 ming kishi) tashkil etadi. 2019 yil davomida respublika bo’yicha tug’ilgan bolalar soni 815,9 ming nafarni, vafot etganlar 155,0 ming kishini tashkil etgan. Respublika hududlari kesimida, 2020- yil 1- yanvar` holatiga ko’ra eng ko’p aholi soni Samarqand viloyatida 3878,0 ming kishini (respublika jami aholisi sonidagi ulushi 11,4 %), Farg’ona viloyatida 3752,0 ming kishini (11,1 %) va Qashqadaryo viloyatida 3280,1 ming kishini (9,7 %) tashkil etdi. Aholining joriy hisobi bo’yicha mavjud ma’lumotlar aholi soni, yashash sharoiti, ma’lumoti, bandligi, yosh-jins tarkibi, millat tarkibi, respublika hududida aholining joylashuvi va boshqa ijtimoiy-demografik o’ziga xosliklar to’g’risida aniq xulosa va tahlillar qilishga yetarlicha imkoniyat bermayapti. Mamlakatimizda 1989- yildan keyin hali biror marta ham aholini ro’yxatga olish ishlari bajarilmadi. Nihoyat  BMT 2015- yilning 10- iyunida “2020- yilda aholi va uy-joy fondini ro’yxatga olish borasidagi printsiplar va tavsiyalar” rezolyutsiyasini qabul qildi. Unga ko’ra, BMTga a’zo davlatlar kamida bir marta aholi va uy-joy fondini ro’yxatga olishni o’tkazishi belgilab qo’yildi. Hozir Hamdo’stlik davlatlarida bu jarayonga tayyorgarlik boshlanib ketgan. Xususan, O’zbekistonda ham! Prezidentimizning 2019- yil 5- fevraldagi “O’zbekiston Respublikasida 2022-yilda aholini ro’yxatga olishni o’tkazish konseptsiyasini tasdiqlash to’g’risida”gi Farmoni bu borada huquqiy asos bo’lib xizmat qilmoqda.

 

Shahrisabz shahar statistika bo‘limi