Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilning 16 mart kuni “Aholini ro’yxatga olish to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasining Qonuni imzolandi. Mazkur Qonun, aholini ro’yxatga olish sohasidagi munosabatlarni har tomonlama tartibga soluvchi ilk bor qabul qilingan huquqiy hujjat sifatida O’zbekiston tarixidan o’rin oldi. Chunki shu vaqtgacha bu sohada qonunchiligimizda hech qanday hujjat yo’q edi. Qonun, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 5 fevraldagi “O’zbekiston Respublikasida aholini ro’yxatga olishni o’tkazish Kontseptsiyasini tasdiqlash to’g’risida”gi PF-5655-son Farmoniga muvofiq ishlab chiqildi.
Qonunni ishlab chiqishda, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Yevropa statistiklari konferentsiyasining aholini ro’yxatga olishni o’tkazish bo’yicha asosiy tamoyillari va tavsiyalaridan asos sifatida foydalanildi. Shuningdek, Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi, Osiyo va Yevropa mamlakatlari, jumladan, Rossiya Federatsiyasi, Belarus`, Ukraina, Ozarbayjon, Qozog’iston, Tojikiston, Qirg’iziston, Janubiy Koreya, Hindiston, Buyuk Britaniya, Frantsiya, Germaniya, AQSH, Kanada va boshqa davlatlarning ushbu sohadagi tajribalari o’rganilib, qonun loyihasini ishlab chiqishda foydalanildi. Qonun beshta bob va o’ttiz bir moddadan iborat bo’lib, unda qonunning maqsadi, asosiy tushunchalar, aholini ro’yxatga olishning vazifalari va printsiplari yoritib berilgan.