Birinchi navbatda, Davlat statistika qo’mitasi va uning hududiy organlari xodimlari, oliy ta’lim muassasalari o’qituvchilari va yuqori bosqich talabalari, akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va umumta’lim maktablari o’qituvchilari, shuningdek, boshqa toifadagi shaxslar ham, ular mazkur jarayonda ishtirok etishga rozi bo’lgan taqdirda, jalb qilinishi mumkin. Davlat statistika qo’mitasi tomonidan tumanlar va shaharlar hokimliklari bilan birgalikda joylarda ro’yxatga oluvchi xodimlarni o’qitish bo’yicha qisqa muddatli o’quv kurslari tashkil etiladi va zarurat tug’ilsa, ularga qo’shimcha maslahatlar beriladi. Ikkinchi bosqich, asosiy bosqich bo’lib, bu taxminan 10-60 kungacha davom etadi. Bunda bevosita aholini ro’yxatga olish amalga oshiriladi, ya’ni aholi to’g’risidagi ma’lumotlar yig’iladi, nazorat tekshiruvi o’tkaziladi va aholini ro’yxatga olish materiallari topshiriladi. Mamlakatimizda 2023 yilda o’tkaziladigan aholini ro’yxatga olish tadbiri an’anaviy usulda, ya’ni ro’yxatga oluvchi shaxslar tomonidan hududlarda uyma-uy kirgan holda, yuzma-yuz suhbat asosida, qog’oz shaklidagi ro’yxatga olish varaqalarini to’ldirish orqali amalga oshiriladi. Uchinchi bosqich muddati qariyb ikki yilgacha bo’lib, ro’yxatga olish jarayonida to’planadigan statistik ma’lumotlar yagona elektron axborotlar tizimiga kiritilib, ma’lumotlar kodlashtirish yordamida tahlil qilinadi va natijalar e’lon qilinadi. Amaldagi me’yoriy hujjatlarga binoan, yakuniy ma’lumotlarni uch tilda e’lon qilinishi ko’zda tutilgan. Chora-tadbirlar dasturiga asosan 2025 yil 1 dekabriga qadar aholini ro’yxatga olish natijalari rasman chop etiladi va e’lon qilinadi hamda aholini ro’yxatga olishning dastlabki va yakuniy ma’lumotlari arxivda saqlash uchun tayyorlanadi.