O‘zbekiston mukammal kadastr xaritasiga ega bo’ladi.

Aholini ro’yxatga olish yana bir jihati bilan muhim. Uning yakuniga yetkazilishi hududlarni xaritalash, aholi punktlaridagi uylar ro’yxatini tuzish imkonini beradi. Yana ham aniqroq aytganda, turar va noturar joylarning aniq soni, holati, foydalanilmay yotgan yoki muddatini o’tab bo’lgan binolarni belgilab olish bilan tegishli hududlarda uy-joy, sanoat ob’ektlarni qurish va ta’mirlash masalalariga oydinlik kiritish mumkin bo’ladi. Bir so’z bilan aytganda, respublikaning yangi mukammal kadastr xaritasi yaratiladi. Maqsad aniq, rejalar qat’iy. Amaliy ishlarga esa allaqachon kirishilgan. Xususan, Prezidentimiz Farmoni asosida Aholini ro’yxatga olish tadbirini o’tkazish Kontseptsiyasi tasdiqlandi. Mazkur Kontseptsiya asosida O’zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo’mitasi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag’allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda O’zbekiston Respublikasining “Aholini ro’yxatga olish to’g’risida”gi Qonuni loyihasi ishlab chiqilib, keng muhokama va huquqiy ekspertizalardan so’ng 2020 yil 16 mart kuni qabul qilindi. Qonun 5 bob, 31 moddadan iborat bo’lib, unda qonunning maqsadi, asosiy tushunchalar, aholini ro’yxatga olishning vazifalari va printsiplari yoritib berilgan. Asosiy printsiplardan biri sifatida davriylik printsipi, ya’ni aholini ro’yxatga olish o’n yilda kamida bir marta o’tkazilishi hamda aholini ro’yxatga olishni o’tkazish to’g’risidagi qaror, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilinishi belgilab qo’yilgan.